Valyuta kurslari 15/08/2025
$1 – 12581.97
UZS – 0,67%
€1 – 14698.26
UZS – 0,27%
₽1 – 157.75
UZS – 0,61%
Qidirish
Moliya 15/08/2025 Banklar qarz oluvchilarga shartnoma imzolashdan oldin xatarlar ro‘yxatini taqdim etishi shart bo‘ladi

Banklar qarz oluvchilarga shartnoma imzolashdan oldin xatarlar ro‘yxatini taqdim etishi shart bo‘ladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari uchun isteʼmolchilar bilan ishlashda qo‘shimcha minimal talablarni belgilaydigan buyruq loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi.

Regulyator taʼkidlashicha, amaliyotda qarz oluvchi va kafillar kredit shartnomasini imzolar ekan, o‘z majburiyatlarini bajarmaslik oqibatlarini to‘liq anglamaydigan holatlar uchrab turadi. Bu keyinchalik qarzni qaytarishda qiyinchiliklarga, kredit tarixida kechiktirilgan to‘lovlar qayd etilishiga va yangi kredit olish imkoniyati cheklanishiga olib keladi.

Isteʼmolchilarni himoya qilish maqsadida kredit xatarlari bayon etilgan standartlashtirilgan chek-list joriy etish taklif qilinmoqda. Qarz ajratish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingach, lekin shartnoma rasmiylashtirilishidan oldin bank mijozga ushbu hujjatni berishga majbur bo‘ladi. Imzolangan yoki elektron tarzda tasdiqlangan chek-listsiz shartnoma tuzish taqiqlanadi.

Shuningdek, banklardan moliyaviy qiyin ahvolga tushgan yoki fors-major holatida qolgan mijozlar uchun kreditlarni restrukturizatsiya qilish ichki tartibini ishlab chiqish va o‘z saytlarida eʼlon qilish talab etiladi.

Xususan, hujjatda tug‘ruq taʼtilida bo‘lgan ayollar uchun qarz to‘lash muddatini 10 oygacha uzaytirish imkoniyati nazarda tutilishi kerak. Markaziy bank fikricha, amaldagi restrukturizatsiya jarayonlari hozirda noaniq va mijozlar uchun shaffof emas.

Bank xizmatlarida nosog‘lom amaliyotlar ro‘yxatiga qo‘yidagilarni qo‘shish taklif qilinmoqda:

— arizada ko‘rsatilganidan ortiq summada kredit berishni majburiy tarzda taklif qilish;

— qarzni ijtimoiy nafaqa va boshqa davlat yordami hisobiga undirish, shuningdek “Sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 69-moddasida nazarda tutilgan mablag‘lardan hisobdan chiqarish;

— shartnoma yoki grafikda ko‘rsatilgan muddatdan oldin qarzni to‘lashni talab qilish (qonun yoki avtoto‘lov holatlaridan tashqari).

Alohida tarzda, mobil ilovalarda “qorong‘i patternlar” — oldindan qo‘yilgan belgilar, avtomatik to‘ldirilgan maʼlumotlar va matn bilan to‘liq tanishmasdan rozilik shakllarini qo‘llashga cheklovlar kiritiladi. Mijoz barcha parametrlarni, jumladan kredit hisoboti so‘rovi, reklamaga rozilik, masofaviy xizmatlar ulanishi, tarif va umumiy shartlar tasdig‘ini, yashash manzilini shaxsan tanlashi va to‘ldirishi kerak bo‘ladi.

Shartnomaga rozilikni mobil ilova orqali tasdiqlash faqat uni to‘liq ko‘rib chiqqandan so‘ng mumkin bo‘ladi.

Loyiha tayyorlanishida YEI, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Braziliya va Hindiston tajribalari o‘rganilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling