Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Moliya 16/12/2024 Bank xizmatlari orqali mahallalarda qashshoqlikni kamaytirish masalalari muhokama qilinmoqda

Bank xizmatlari orqali mahallalarda qashshoqlikni kamaytirish masalalari muhokama qilinmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Bank xizmatlarining mahalla darajasigacha tushirilgani yaxshi natija berayotgani qayd etildi. Ayniqsa, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvonda tadbirkorlik muhiti tubdan o‘zgardi, odamlar daromadi oshdi, ertangi kunga ishonch paydo bo‘ldi.

Xususan, Uychi tumanida banklar 3 ming 200 ta faol mijoz bilan ishlab, muammolarni hal  qilib bergani uchun 9 ming odam doimiy ishli bo‘ldi. Kambag‘allar soni 6 mingga kamaydi.

Sayxunoboddagi 3 ming 200 ta xonadonda loyihalar ishga tushirildi, 12 ming odam o‘z tomorqasida daromad topishni o‘rgandi. Zarbdorda 13,5 ming, G‘ijduvonda 28 ming ish o‘rni yaratildi. Buning hisobiga qo‘shimcha 10,5 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi.

Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayotgani ta’kidlandi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi. Bunga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini karra-karra oshirayapti. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi xususiy bank bilan 1 ming 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda qatnashayotgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziiga yurtimizda loyihalar qilib, yangi-yangi g‘oyalar olib kelayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi.

Davlat banklari ham bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Og‘ir tumanlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida yondashuv joriy qilinishi ta’kidlandi.

Masalan "Sanoat qurilish banki" Quvadagi yirik eksportyor bilan Qo‘ng‘irot tumanida brokkoli ekish va yog‘ochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirdi. Bunga past foizli kredit ham berdi.

Bu tajriba ma’qullanib, sharoiti og‘ir 71 ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo‘shimcha kredit, 2025-yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3 trillion 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Umuman, tadbirkorlar qo‘shimcha 31 trillion so‘mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o‘rni yaratishga tayyor.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion so‘m ajratish topshirildi.

Yig‘ilishda 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani uchun samarasi pastligicha qolayotgani qayd etildi.

Bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, tajribali tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berilsa, daromad 2-3 karra oshadi.

Shu munosabat bilan yer egasiga ijara haqi va ekilgan mahsulotni sotishdan ulush to‘lanadi.

Har bir konturga urug‘, ko‘chat, o‘g‘it tarqatib, yetishtirilgan mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni yer egalari bilan bog‘laydigan tizim yaratish topshirildi.

Banklar tumanlar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, xorijdan malakali agronom, zootexnik, texnolog, muhandis olib kelishga va loyihalar samarasini oshirishga yordamlashishi muhimligi ta’kidlandi.

Umuman, yil boshidan ushbu 4 ta tajriba doirasida 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega bo‘ldi. Muhimi, xonadonlarning oylik daromadi 7,5 million so‘mdan 10,5 million so‘mga oshdi.

Bundan tashqari, Xo‘jayli, Asaka, Vobkent, Bulung‘ur, Yangiyer, Qo‘shtepa, Shovot kabi 57 ta tumanda hokimlar, banklar, hokim yordamchilari birgalikda ishlagani uchun ishsizlik 5 foizdan pasaydi.

Yig‘ilishda ayrim rahbarlar “bu vaqtincha, bir-ikki yilda o‘tib ketadi” degan kayfiyatda yurganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bu borada sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi. Ular o‘rniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi.

“Qat’iy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma o‘zgarishi kerak. Ko‘rib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘layapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech bo‘ladi”,  - dedi davlatimiz rahbari.

Bugungi yig‘ilishga tayyorgarlik doirasida 2025-yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingan.

Bu maqsadga erishish uchun hududlarning iqtisodiy sektor rahbarlari o‘z ongini o‘zgartirishi, ish tizimi va yondashuvlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Ular hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashib, zamon talablariga mos ishlash tartibiga o‘tishi muhim ekani uqtirildi.

Shu bilan birga, hokim va banklarning ijobiy tajribalarini kengaytirish, muammolarni hal qilish bo‘yicha 40 dan ortiq taklif va tashabbuslar tayyorlangan.

“Umuman, 2025-yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo‘ladi”, - dedi Prezident.

Prezident yangi imkoniyatlar va rejalarni belgilab berdi.

O‘tgan 6-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘ldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi.

Endi banklar mana shunday sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi ta’kidlandi. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi.

Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholini ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga kredit resurslari faqat davlat mablag‘laridan ajratilmoqda.

Xalq banki tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 million so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berilmoqda. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Osiyo taraqqiyot banki dasturga 150 million dollar ajratishga tayyor.

Ushbu namuna asosida kelgusi yilda 9 ta davlat bankiga chetdan 1 milliard dollar kredit jalb qilib, 250 ming odamni daromadli qilish tavsiya qilindi.

Banklar ishtirokida 13 ta tumanda sanoatlashgan plantatsiya tashkil qilish boshlandi. Bu yerlarda “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjiri asosida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda.

Masalan, Jomboyda 15 gektarda malina yetishtiriladi. Tadbirkor 170 ta xonadonga ko‘chat tarqatib, yiliga 200 tonna mahsulot oladi.

Endi tadbirkor Milliy bank ko‘magida 200 tonnali muzlatkich o‘rnatib, yiliga 25 tonna tayyor murabbo ishlab chiqarmoqchi. Natijada aholi va tadbirkor daromadi 2 karra oshadi.

Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda yana 50 ta tumanda shunday loyiha tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

O‘tgan olti yilda 1 million 600 ming nafar aholi “yaxshi” kredit tarixiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, tarixi “o‘rta” baholanganlarga yangi kredit olishda talablar kuchayishi tabiiy.

Bunday mijozlarning kredit tarixini yaxshilash, kelgusida ular tadbirkorga aylanishi uchun banklar katalizator bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Kelgusi yilda loyihasi bor 100 mingta “o‘rta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlash, ularning soliq, elektr, gaz kabi boshqa to‘lovlarini ham inobatga olish, moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilash orqali ularni tadbirkorga aylantirish taklif qilindi.

Yig‘ilishda respublika bo‘yicha 60 ta ilg‘or shahar-tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish choralari ham muhokama qilindi.

Bu tumanlarda kelgusi yilda 2 million aholini band qilish, 417 mingta oilani kambag‘allikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi.

Tuman va shahar hokimlariga ushbu tuman-shaharlarda infratuzilmani yaxshilash topshirildi.

Aniqlangan imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun banklar mustahkam moliyaviy resursga ega bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Davlat mablag‘lari qatorida tashqi manbalardan ham resurs jalb qilish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun har bir bankda chet eldan mablag‘ olib keladigan ishchi guruh tuzish, xorijiy banklar bilan tizimli ishlab, chet elda roud-shoular o‘tkazish, yevrobond chiqarish, bank reytingini yaxshilash va xalqaro standartlarga moslashish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Oxirgi 5-yilda kichik va o‘rta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaygani ko‘rsatib o‘tildi. Bunday kreditlar ulushini 40 foizga yoki 120 trillion so‘mga yetkazish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Umuman, yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti kelgani qayd etildi.

Mustahkam huquqiy asos yaratilgani uchun joriy yilda 5,5 trillion so‘mlik mikromoliya va faktoring xizmatlari ko‘rsatildi.

Endilikda har bir davlat banki o‘zining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochib, unga xorijiy investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bunda banklar resurslarni qarzga emas, investitsiya sifatida olib kelmoqchi.

Kelgusi yilda mikromoliya va faktoring kompaniyalari orqali 10 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.

Prezident banklarni o‘ylantirayotgan qator masalalar borligini ta’kidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Banklar ulardan tezroq qutilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni yaratish uchun zaxira paydo bo‘ladi.

Shu bois, banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.

Shuningdek, banklar bu mulklarni daromadli biznesga aylantirib, tayyor holda investorga sotadigan tizim yaratiladi.

Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirish jarayonining tezkorligini oshirish dolzarb masala bo‘lib turibdi.

Bank huquqlari ustuvorligini ta’minlash, undiruvga qaratilgan mulklarni tezroq sotish, sud orqali undiruv muddati, ortiqcha kelishuv hujjatlari va sud xarajatlarini keskin qisqartirish, garov bilan ta’minlangan qarzlarni sudgacha undirish amaliyotini keng qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Ushbu takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Majburiy undiruvga qaratilgan mulklar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu jarayonni takomillashtirish maqsadida manfaatdor tomonlar o‘rtasida onlayn axborot almashishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Mahallalar darajasida hokimlar banklar bilan hamkorlikda ishlashi zarurligi qayd etildi.

Ular mahallalarda 4 ta tajribani kengaytirib, odamlar daromadini oshirish bo‘yicha birgalikda ishlaydigan tizim bo‘ladi.

Bunda tuman banklari mijozbay ishlab, tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi, ularning muammolarini joyida hal etadi, tuman hokimlari esa loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi.

Tumanlarda mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Mahalla bankirlari mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlar bilan gaplashib, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantiradi. Aholini kredit olish, qaytarish, biznes ochish, mahsulotini sotishga o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.

Umuman, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat butun dunyoda milliy iqtisodiyotlarga ta’sirini o‘tkazayotgani qayd etildi. Bunday sharoitda mamlakatimiz moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida iqtisodiy kompleks rahbarlarining hisobotlari, banklarning takliflari tinglandi, hududlardagi tadbirkorlarning ijobiy tajribasi ko‘rib chiqildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling