Bangladeshda F-7 o‘quv samolyoti kollejga quladi: halok bo‘lgan va o‘nlab yaralanganlar bor
(surat: defence.pk)
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bangladesh poytaxti Dakka shahrida mamlakat Havo kuchlariga tegishli F-7 BGI turidagi o‘quv samolyoti halokatga uchradi. «Prothom Alo» portali yozishicha, hodisa yuzasidan yong‘inga qarshi xizmat maʼlumotlariga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan.
Kamida 20 nafar kishi, asosan talabalar, turli darajada tan jarohatlari olgan. Barcha jabrlanuvchilar Milliy kuyiqlar va plastik jarrohlik institutiga yetkazilgan.
Ilk maʼlumotlarga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilgandan so‘ng biroz vaqt o‘tib, Uttara tumanida joylashgan kollejlarning biri oshxonasi tomiga qulagan. Hodisa sodir bo‘lgan paytda bino ichida darslar bo‘lib o‘tayotgan bo‘lgan.
Hodisa joyida yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruv xizmatlari ish olib bormoqda. Aviahalokat sabablarini aniqlash bo‘yicha rasmiy tergov ishlari boshlangani haqida “TASS” agentligi xabar berdi.