Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yana-da kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident qarori (PQ-153-son, 30.04.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida vakolatli organ etib belgilandi.
O‘z kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini taʼminlash banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining ustuvor vazifasi sifatida ko‘rsatildi.
Shuningdek, kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasi, bank hisobraqami, SIM kartasi hamda elektron hamyonidan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etiladi.
Jinoyat qonunchiligi bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari kuchaytiriladi.
Jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish javobgarlik hamda jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.
Har oy yakuni bo‘yicha tizimida eng ko‘p kiberjinoyatlar qayd etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaga eʼlon qilinadi.
Markaziy bank tomonidan aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlarini aniqlash hamda ular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Respublika miqyosida har yilning noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb eʼlon qilinadi
Kiberjinoyatlarning shakllari va ularni sodir etish usullari to‘g‘risida ogohlantirish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardagi maqsadli (target) reklama xizmatidan bepul tarzda foydalaniladi.
Markaziy bank 2025 yil 1 sentyabrgacha quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni amalga oshiradi:
banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari hamda kredit byurolarining tranzaksiyalari va boshqa zaruriy maʼlumotlarini Markaziy bankning yagona platformasiga integratsiya qilish;
Markaziy bankda markazlashgan antifrod tizimini hamda banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining antifrod tizimlarini joriy etishni yakuniga yetkazish.