Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda AQSHning “CalCity Industrial Park” kompaniyasi asoschisi Stepan Kyurkchu boshchiligidagi delegatsiya Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Halimjon Safarov hamrohligida Buxoroda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida viloyat hokimi Botir Zaripov nufuzli kompaniya delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Muloqotda keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani ayniqsa, O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit tufayli hududga sarmoya kiritish istagidagi chet ellik ishbilarmonlar safi kengayib borayotgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston rahbarining tashqi siyosatdagi faolligi, qolaversa, biznes uchun yaxshi sharoit yaratilgani sabab kompaniyamiz mamlakatingizda ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Masalan, biz Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida umumiy qiymati 90 million AQSH dollariga teng loyihani amalga oshiryapmiz. Quvvati 6,2 ming tonnaga teng loyiha 2027-yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. 500 ta ish o‘rni yaratilib, byudjetga 19 milliard tushum tushishi ta’minlanadi. Istagimiz, Buxoroda ham mana shu kabi yirik loyihalarni amalga oshirish, —dedi muloqot davomida Stepan Kyurkchu.
Botir Zaripov barcha xorijiy hamkorlar qatori “CalCity Industrial Park” kompaniyasining ham viloyatda amalga oshirishi rejalashtirilayotgan loyihalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Mazkur yirik kompaniyani Buxoroda to‘qimachilik, qurilish, quyosh panellari ishlab chiqarish, erkin iqtisodiy zonalarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun jalb qilishda amaliy yordam berishga chaqirdi. Bunda investorlarga yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari va bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.