Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
O‘zbekiston 19/11/2024 AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 11,9% ga oshdi

AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 11,9% ga oshdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro talabalar joylashuvi bo‘yicha keng qamrovli resurs hisoblangan “Open Doors” tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi xalqaro talabalar soni 1,1 million (1 126 690) dan ko‘proqni tashkil qilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7% ga ko‘pdir. Bunday o‘sishga o‘zbekistonlik talabalar ham salmoqli hissa qo‘shdilar, ya’ni AQShda o‘qishga kirgan o‘zbekistonlik talabalar soni 11,9% ga oshib, 1089 nafardan 1219 nafarga ko‘tarildi.

Ushbu muvaffaqiyatni nishonlash va ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida AQShning Toshkentdagi elchixonasi hamda Namangan va Qarshidagi “EducationUSA” maslahatchilari 18-22-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Xalqaro ta’lim haftaligida ishtirok etadilar.

Hafta davomida AQSh elchixonasi va “EducationUSA” maslahatchilari o‘zbekistonlik talabalarni AQSh ta’limini olishga ruhlantirib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uchun turli foydali tadbirlar o‘tkazadilar.

Toshkentdagi elchixonada joylashgan “EducationUSA” maslahat markazi hamda Namangan va Qarshidagi “American Spaces” AQShda o‘qish haqida aniq va keng qamrovli ma’lumotlarni taqdim etishda muhim rol o‘ynaydi. Ular talabalarga ariza berish jarayonining har bir bosqichida manbalar va yo‘l-yo‘riqlar taklif qiladi, bu esa ularning AQSh kollejlari va universitetlarida imkoniyatlardan foydalanishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishlarini ta’minlaydi.

Ta’lim haftaligi doirasida elchixonada AQSh hukumati almashinuv dasturlari bo‘yicha ham sessiyalar o‘tkaziladi, unda Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qish haqidagi shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashadigan taniqli ma’ruzachilardan iborat bitiruvchilar guruhi ishtirok etadi.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda ta’lim muhimligini ta’kidlar ekan, shunday dedi: “Ta’lim O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro tushunish va do‘stlik ko‘priklarini barpo etishimizda kerak bo‘ladigan eng kuchli vositalardan biridir. AQSh ta’lim muassasalarida o‘zbek talabalari sonining ortib borayotgani ularning akademik yuksaklikka intilishi va olgan bilimlaridan o‘z jamiyatlari rivojiga hissa qo‘shishda foydalnish istagini bildiradi”.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling