Valyuta kurslari 27/12/2024
$1 – 12920.48
UZS – -0,06%
€1 – 13436.01
UZS – -0,19%
₽1 – 130.17
UZS – 0,39%
Qidirish
Madaniyat 15/11/2024 AQSh Sher-Dor madrasasini konservatsiya qilish uchun 500 ming dollar ajratadi

AQSh Sher-Dor madrasasini konservatsiya qilish uchun 500 ming dollar ajratadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Samarqanddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlik qiladi.

Agentlik taqdim etgan loyiha butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan saralash bosqichida tanlab olinib, bu yil uchun eng katta, tanlov tarixida esa O‘zbekiston uchun eng yirik summani tashkil etdi. 500000 dollar miqdordagi mazkur tashabbusni Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) texnik tomondan qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu grant AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi (AFCP) O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlayotgan 14-loyiha bo‘lib, hozirgacha jamg‘arma yordamida umumiy qiymati 1350000 dollar bo‘lgan xilma-xil loyihalar amalga oshirilgan. Bu galgi yangi loyiha 2023-yilda O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha imzolangan ikki tomonlama kelishuvda ko‘zda tutilgan maqsadlarga hamohangdir.

Madaniy meros agentligi IICAS ko‘magida Sherdor madrasasi fasadi konservatsiya va restavratsiyasini mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiradi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi. Loyiha hamkorlari Agentlikni dunyoning yetakchi olimlari bilan bog‘lashadi, madaniy merosni saqlash uchun zarur hujjat va resurslarga ega bo‘lish imkonini yaratishadi hamda loyiha davomida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalarni keng tarqatishda yordam berishadi.

“Biz Registon maydonidagi go‘zal va ramziy Sherdor madrasasining konservatsiya ishlarida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Ushbu sa’y-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bu muhim yodgorlikni asrab qolish va O‘zbekistonning madaniy merosini himoya qilishga katta hissa qo‘shadi,”- dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

“Sherdor madrasasining konservatsiya-restavratsiya loyihasi AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanyotganligiga yaqqol dadildir. Mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlaganligi uchun AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga minnatdorlik bildiramiz. Kelgusidagi hamkorligimiz yanada kuchayishiga hamda bu kabi loyihalarning salmog‘i yanada oshishiga ishonamiz,”– dedi Agentlik direktori B.Abdikarimov.

2001-yilda AQSh Kongressi tomonidan tashkil etilib, AQSh Davlat departamenti boshqaradigan Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi (AFCP) dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida madaniy yodgorliklarni, madaniy obyektlar va to‘plamlarni hamda an’anaviy madaniy me’rosni saqlashga doir loyihalarga bevosita grantlar taqdim etadi. 2024-yilgi global grantlar tanloviga 71 mamlakatdan 149 ta madaniy merosni saqlash loyihasi taqdim etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling