Anorbank: Olimov bilan bog‘liq holat bank faoliyatiga daxldor emas
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Anorbank Fransiya poytaxti Parijda bankning aksiyadorlaridan biri bilan bog‘liq voqea haqida OAVda tarqalgan maʼlumotlarga munosabat bildirdi.
Avvalroq fransuz nashri Le Monde 48 yoshli Kaxramonjon Olimov — bankning mulkdorlaridan biri ekani va u Parij markazida o‘g‘irlanib, zo‘ravonlikka uchragani hamda garovpul to‘langanidan keyin ozod etilgani haqida xabar qilgan edi.
Anorbank‘ning rasmiy bayonotida taʼkidlanishicha, mazkur voqea shaxsiy xususiyatga ega bo‘lib, bank faoliyati bilan bog‘liq emas.
«Insident Anorbank‘ning operatsion faoliyatiga taʼsir qilmaydi. Barcha filiallar, xizmatlar va raqamli kanallar odatdagi tartibda ishlamoqda. Joriy va strategik loyihalar belgilangan rejalar asosida amalga oshirilmoqda», — deyiladi bayonotda.
Bank OAV vakillarini axborot tarqatishda etika qoidalariga rioya qilishga, tasdiqlanmagan maʼlumotlarni chop etmaslikka hamda jabrlanuvchi shaxsning shaxsiy daxlsizligiga hurmat bilan yondoshishga chaqirdi.
Shuningdek, bank hodisa yuzasidan ortiqcha muhokamalar tergov jarayoniga va jabrlanuvchining shaxsiy huquqlariga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini taʼkidladi.
Anorbank o‘z bayonotida voqeaga nisbatan to‘g‘ri va insofli munosabat bildirgan mijozlar, hamkorlar va xodimlarga minnatdorchilik izhor etdi:
«Axborot maydonida sezgirlik yuksak bo‘lgan bu davrda biz ishonch, sadoqat va qo‘llab-quvvatlashni alohida qadrlaymiz. Bu biz va jamoatchilik o‘rtasidagi mustahkam o‘zaro ishonchni, shaffoflik va masʼuliyat prinsiplariga sodiqligimizni tasdiqlaydi».