Andijonda militsiya xodimini o‘ldirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 4 iyul kuni Andijon viloyatida ichki ishlar organi xodimini o‘ldirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyatchi ertalab soat 06:30 06:30 larda Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Yuksalish” mahallasi “So‘qoloq“ qabristonidagi makkapoya ichida yashirinib yotganligi aniqlangan, qo‘lga olish jarayonida u o‘zining qorin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi jinoyatchini qo‘lga olishda yordam bergan fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, fojia 1 iyul kuni Andijonda sodir bo‘lgan edi. Uni qo‘lga olishga urinish chog‘ida mast holatda bo‘lgan shaxs inspektorning ko‘krak qismiga pichoq bilan urib, so‘ng voqea joyidan qochib ketgan. Jarohat olgan xodim olgan jarohatdan vafot etgan. Dafn marosimi kuni viloyat hokimi ishtirok etgan, Ichki ishlar vazirligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.