Andijonda 4 yoshli qizaloq transformatorda yuz bergan qisqa tutashuv natijasida jabrlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 iyul kuni Andijon tumanida joylashgan aholi punktlaridan birida sodir bo‘lgan hodisa natijasida 4 yoshli qizaloqning yuzi kuygan. Bu haqda Andijon viloyati «Hududiy elektr tarmoqlari» matbuot xizmati xabar berdi.
Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, bola ko‘p kvartirali uyning hovlisida bo‘lgan vaqtda uning mushugi 35/0,4 kV kuchlanishga va 1000 kVA quvvatga ega bo‘lgan transformator podstansiyasi joylashgan yerto‘laga yugurib kirgan. Hayvon ishlab turgan transformator ichiga kirib ketgan va bu qisqa tutashuvga sabab bo‘lgan.
Qizaloq yerto‘la eshigi orqali sodir bo‘layotgan voqeani kuzatib turgan paytda avariya sodir bo‘lib, uning yuzida kuyish jarohatlari yuzaga kelgan. Unga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shundan so‘ng kasalxonaga yetkazilgan. Oxirgi maʼlumotlarga ko‘ra, uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.
Hodisa yuzasidan energetika kompaniyasi mutaxassislari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.