Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Iqtisod 17/12/2024 Andijon va Namangandagi kichik dehqon ayollarga yuqori texnologiyali issiqxonalar topshirildi

Andijon va Namangandagi kichik dehqon ayollarga yuqori texnologiyali issiqxonalar topshirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va Qishloq Xo‘jaligi Tashkiloti (FAO) O‘zbekistonning Andijon va Namangan viloyatlaridagi dehqon ayollarga to‘liq jihozlangan, iqlimga mos ikkita issiqxonani topshirdi. Ushbu tashabbus kichik dehqonlarni daromad manbalarini ko‘paytirish va barqaror sabzavot yetishtirish imkoniyatlarini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan.

FAO va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi "Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik" loyihasi kichik dehqon xo‘jaliklariga foyda keltiradigan va barqaror sabzavot yetishtirishni rag‘batlantiradigan innovatsion amaliyotlarni joriy etishda yordam beradi.

Andijon viloyatining Andijon tumani va Namangan viloyatining Namangan tumanida barpo etilgan yuz kvadrat metr maydondagi yangi issiqxonalar dehqon ayollar Maxsudaxon Bahramovaga va Gulchehra Maxmudovaga topshirildi. Mahalliy qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini takomillashtirishga bo‘lgan sadoqati, shuningdek, ko‘chat yetishtirishga qiziqishi va katta tajribasi sababli tanlab olingan ushbu dehqon ayollar FAO tomonidan ilg‘or qishloq xo‘jaligi amaliyotlari, ko‘chat yetishtirish va payvandlash texnikasi bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi.

Taqdim qilingan issiqxonalar yuqori sifatli qoplama materiallari, hasharotlarga qarshi to‘r, soya to‘rlari, isitish tizimlari, shuningdek, iqlimni nazorat qilish uchun termal adyol va purkagichli sug‘orish tizimlari kabi ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, ikki eshikli sanitariya zonalari zararkunandalar va kasalliklardan himoya qiladi. Ushbu innovatsiyalar sog‘lom va sifatli ko‘chatlar yetishtirishni ta’minlash bilan birga, ekinlarni himoya qilishni yaxshilash, haroratni boshqarish va kasallik xavfini kamaytirishga yordam beradi.

«Mening ushbu issiqxonadan umidim katta. Ko‘chat yetishtirib, tushgan daromadni turmush sharoitlarimizni yaxshilash niyatidaman» — dedi Mahsudaxon Bahromova. «Turmush o‘rtog‘imning imkoniyati cheklangan, ushbu issiqxona esa u uchun ish bilan band bo‘lish imkonini yaratadi. BMT va FAOga ko’p yillik qo‘llab-quvvatlovi uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman».

FAO 2024-2025 qish mavsumi uchun ushbu dehqonlarga ishlab chiqarishni boshlashga yordam berish maqsadida muhim resurslarni - stollar, maxsus idishlar va tanlangan sabzavot navlarining yuqori sifatli urug'larini yetkazib berdi. Bu navlar mahalliy iqlim sharoitiga mosligi, zararkunanda va kasalliklarga chidamliligi, bozorlarda yuqori talabga egaligi, dehqonlar uchun barqaror daromad manbaini ta’minlashi uchun alohida tanlab olindi. Loyiha mahalliy talab va daromadlilikni ta’minlaydigan barqaror ko‘chat yetishtirishni rivojlantirishni maqsad qilgan.

Ushbu issiqxonalarda yetishtirilgan ko‘chatlar Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi FAO loyihasining benefitsiarlari hisoblangan 60 ta kichik dehqon xo‘jaliklariga taqdim etiladi. Bu hamkorlik mahalliy tomorqa egalari uchun ko'chatlarni bozor narxidan ancha past narxda sotib olishga yordam beradi va loyihaning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, ushbu hamkorlik arzon va yuqori sifatli ko‘chatlarni yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlab, FAOning faol ishtirokidan so‘ng ham loyihaning muvaffaqiyatli davom etishini ta'minlaydi.

«Bu issiqxona mening orzuim edi,» — dedi Gulchehra Mahmudova. "Ilgari ko‘chat sotib olish uchun sigirlarni sotishga majbur bo‘lardik, bu esa oilamizda katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelardi. Endi esa ushbu issiqxona orqali o‘zimizning ko‘chatlarni yetishtirib, sigirlarni qo‘shimcha daromad manbai sifatida saqlashimiz mumkin. Pomidor va bodring ko‘chatlarini yetishtirishdan olgan daromadni gul ko‘chatlarini yetishtirishga qaratishni ham intiqlik bilan kutyapman – bu mening doimiy orzuim edi."

FAO tomonidan taqdim etilgan dastlabki resurslar Mahsudaxon va Gulchehra opalarga birinchi mavsumda xarajatlarni qoplash va barqaror daromad oqimini ta’minlash imkonini beradi. Loyiha aqlli, barqaror ishlab chiqarish, hosildan keyingi samarali ishlov berish va issiqxonada yetishtirilgan sabzavotlarning bozorga kirishini yaxshilash orqali kichik dehqon xo‘jaliklari uchun yangi imkoniyatlarni ochadi va milliy qishloq xo‘jaligi salohiyatini mustahkamlaydi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling