Alyumindan tayyorlangan butlovchi qismlarni Malayziyaga yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomasini imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi ko‘plab hamkorlik shartnomalari imzolanishi va kelishuvlarga erishilishiga sabab bo‘ldi.
Rasmiy tashrif doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Malayziya biznes forumida mamlakatimiz eksport hajmini oshirish bo‘yicha yana bir shartnoma imzolandi.
O‘zbekistonning "Akfa Extrusions" va Malayziyaning "United Hydraulic" kompaniyalari o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Malayziyaga alyumindan tayyorlangan butlovchi qismlar yetkazib beriladi.
Ilk bora Malayziyaga eksport qilinishi kutilayotgan ushbu mahsulotlarning boshlang‘ich shartnomaviy qiymati $ 10 mln dollarni tashkil qiladi.
Bu kabi butlovchi qismlar elektrotexnika, avtomobilsozlik sanoatida, quyosh elektr tizimlarida keng qo‘llaniladi.
Mahalliy mahsulotlarimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport qilish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish bu kabi shartnomalar tuzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Elektrotexnika sanoatida bu kabi natijalar miqdori mahsulotlar sifatini oshirish, tannarxni tushirish va davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanish orqali yanada oshiriladi.