Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun mazkur Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlarga ushbu Inspeksiyaning vakolatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zgartirishlarga muvofiq isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatiga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini to‘lashning muddati belgilanmoqda.
Qonun bilan yuridik shaxslar tomonidan pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir faoliyati vakolatli organga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat vakolatli organga, chakana savdosiga doir faoliyat esa soliq organiga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan. Mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilishiga, biznesni yuritish uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga hamda qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.