Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Alibaba Cloud O‘zbekistonda rasman QQS to‘lovchisiga aylandi. Bu haqda mamlakat Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchilar faoliyatini legallashtirish borasida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Alibaba Group (ALIBABA.COM) kompaniyasiga rasmiy so‘rov yuborilgan edi. 28-yanvar kuni Alibaba Cloud (Singapore) Private Limited bulutli hisoblash sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyasi tax.uz orqali O‘zbekistonda ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar bo‘yicha QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.
O‘zbekistonda elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi chet el kompaniyalari jismoniy shaxslarga ko‘rsatilayotgan bunday xizmatlar bo‘yicha QQS to‘lovchisi hisoblanadi.
Bugunga kelib O‘zbekistonda 65 ta chet el internet-kompaniyalari ro‘yxatdan o‘tgan.