Aleksey Maksimov “Humo” to‘lov tizimiga rahbar etib tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shuxrat Qurbonov «Milliy banklararo protsessing markazi» AJ (“Humo”) boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi.
Bu lavozimga avval “Octobank” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Aleksey Maksimov tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvar oyida “Paynet” AJ «Milliy banklararo protsessing markazi»ning davlatga tegishli 100% aksiyalar paketini $65 mln evaziga sotib olgan edi.
“Paynet” AJ — O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalari bozoridagi eng yirik o‘yinchilardan biri bo‘lib, 18 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritmoqda. Paynet tizimi 1 500 dan ortiq tovar va xizmat yetkazib beruvchilar uchun to‘lovlarni amalga oshiradi, uning auditoriyasi esa yiliga 20 milliondan ortiq foydalanuvchilarni tashkil etadi.
“Humo” milliy to‘lov tizimi 2018 yil sentyabr oyida xususiy protsessing markazi Uzcard ishidagi uzilishlar fonida tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi milliy to‘lov tizimining barqarorligini taʼminlash va bozorni monopolizatsiya qilishning oldini olishdan iborat edi.