Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Jalilov Akbar Abdivoxidovich Nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha vazir maslahatchisi etib tayinlandi.
Akbar Jalilov 2014 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining bakalavriat, 2016 yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ordinatura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi birlamchi tibbiyot muassasasida boshlagan.
Turli yillarda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi inspektori, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi bosh mutaxassisi, Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida bosh mutaxassis, Sog‘liqni saqlash vazirligida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Akbar Jalilov tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligida Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.