Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi “Ilmiy va innovasion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 222-son qaroriga asosan 2021-yildan buyon Innovasion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy va innovasion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga vazirlik, idora va tashkilotlar tizimidagi ilmiy tashkilot va oliy ta’lim muassasalarining noyob ilmiy ob’yektlari, zamonaviy ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolaridan bepul foydalanish huquqini berish maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturi e’lon qilib kelinmoqda.
“Akademik harakatchanlik” dasturi – yosh olimlarning o‘z ish joyidan ajralmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida yetakchi ilmiy markazlarda o‘tkaziladigan ilmiy tadbirlarda ishtirok etishi, ilmiy-tadqiqot ishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek, tajriba almashishni nazarda tutuvchi dastur.
2024-yil uchun e’lon qilingan tanlovga yosh olimlar tomonidan 40 ga yaqin loyiha topshirildi. Maxsus ishchi guruh tomonidan loyihalar ilmiy-tadqiqot ishining mavzusi va dolzarbligi, ob’yekti, predmeti, maqsad va vazifalari, kutilayotgan ilmiy natijalar kabi bir qator talablar asosida ko‘rib chiqildi. Tanlov yakuniga ko‘ra 13 loyiha g‘olib deb topildi. Innovasion rivojlanish agentligi tomonidan mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun yosh olimlarga tegishliligi bo‘yicha respublikamizdagi jami 8 ta ilmiy tashkilotning zamonaviy laboratoriyalaridan 6 oygacha bepul foydalanishlari uchun umumiy hisobda 734 mln so‘mlik sertifikatlar topshirildi.
G‘olib yosh olimlarga laboratoriyalardan foydalanishga shart-sharoitlar qabul qiluvchi tashkilotlarning ilm-fan va innovatsiyaga mas’ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosari tomonidan yaratiladi.
Hozirda respublikada umumiy hisobda 20 ming nafardan ortiq yosh olim va izlanuvchilar bo‘lib, kelgusida ularni “Akademik harakatchanlik” dasturi orqali ilm-fanga keng jalb qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash va albatta ilmiy-innovasion faoliyatga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilda xam ushbu dastur bo‘yicha tanlov e’lon qilish rejalashtirgan.