Air Marakanda Turkistondan qayta tiklangan ilk reysni qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Air Marakanda kompaniyasi Turkistondan amalga oshirilgan tiklangan ilk reysni tantanali tarzda kutib oldi. Shu bilan Samarqand va Qozog‘iston Respublikasi shaharlari o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yildi.
Samolyotni qarshi olish marosimi doirasida, anʼanaga muvofiq, havo kemasi suv arkasi orqali kutib olindi. Qadimiy Samarqandga yetib kelgan yo‘lovchilarni karnay-surnay sadolarida, milliy ruh va mehmondo‘stlik muhitida kutib olishdi.
Yangi reyslarning ochilishi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli, shuningdek Samarqand viloyati turizm boshqarmasi vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash hamda turizm salohiyatini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.
Samarqand – Turkeston va Samarqand – Ostona yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlar Qazaq Air aviakompaniyasi tomonidan haftasiga ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.