Aholiga qo‘shimcha qulaylik: o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash muddati uzaytirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida yuqori palataning 2024-yil 10-iyuldagi tegishli Qarori bilan o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Soliq kodeksining 408-moddasida nazarda tutilgan shu toifadagi shaxslar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq hisobot yilining 1-dekabrigacha amalga oshirilishiga oid norma qayta ko‘rib chiqildi va bu muddat 31-dekabrga qadar etib belgilandi.
Bu imtiyozlar “Soliq va byudjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda o‘z ifodasini topdi.
Ish stajiga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun ijtimoiy soliqni to‘lash muddatining 31-dekabrga qadar uzaytirilishi bir qator qulayliklarni yaratadi. Jumladan, ushbu tartib asosida mehnat bilan band shaxslar bazaviy hisoblash miqdorida 1 yilda 1 marotaba ijtimoiy soliqni to‘lasa, 1 yillik ish stajiga ega bo‘lishi mumkin.
Tanqidiy-tahliliy o‘tgan muhokamalar davomida senatorlar tomonidan parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalar hanuzgacha o‘z yechimini topmagani qayd etildi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasi belgilangan miqdordan kam to‘langanda mehnat stajini to‘langan soliq miqdoriga mutanosib ravishda inobatga olish yoki to‘langan summani soliq to‘lovchiga qaytarishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarli mehnat stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga (oz muddat yetmaganda, 6 oydan 1 yilgacha) o‘zini o‘zi band qilish orqali zarur mehnat stajini inobatga olish imkoniyatini yaratish masalasi o‘z yechimini topmagan. Demak, bu kabi muammolarni hal etish dolzarbligicha qolmoqda. Senatorlar ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.
Masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.