Agentlik va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida investitsiya hamda savdo kelishuvlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatov va Osiyo taraqqiyot banki missiyasi rahbari Annete Magnusson hamda siyosat bo‘yicha ekspert Dorike Overduin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘tgan yilgi hamkorlik natijalarini sarhisob qilib, OTB tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy savdo kelishuvlarini va xalqaro investitsiya shartnomalarini mustahkamlashga qaratilgan dastur doirasida keyingi qadamlarni muhokama qildilar. Jumladan, investitsion faoliyatni tartibga solish va huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida OTB vakillari O‘zbekiston vazirlik va idoralarining xalqaro investitsiya va savdo kelishuvlarini tuzish bilan shug‘ullanuvchi xodimlari uchun Toshkentda 5 kunlik o‘quv seminarini tashkil etishni taklif qildilar.
Tomonlar investitsiya siyosatini takomillashtirish, mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish hamda tashqi savdo va investitsiya jarayonlarini tartibga solishda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.