Afg‘onistonning Nasaji Textile Factory korxonasi bilan hamkorlik o‘rnatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Afg‘onistonning Baglan viloyatidagi Nasaji Textile Factory to‘qimachilik fabrikasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida qo‘shma kooperatsiya, eksport va import masalalari muhokama qilindi.
Nasaji Textile Factory – Afg‘onistonning eng yirik va qadimiy to‘qimachilik korxonalaridan biri bo‘lib, paxtadan ip-kalava, gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradi. Ayni paytda fabrikada 350 dan ortiq xodim ishlamoqda va ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Fabrika mahalliy bozor bilan birga xalqaro eksportga ham yo‘naltirilgan.
Uchrashuv davomida fabrika bilan qo‘shma kooperatsiya yo‘lga qo‘yilishi, o‘zaro tajriba almashish va ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tayyor va yarim tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, paxta tolasi va ip-kalavani O‘zbekistonga import qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tashrif natijalari to‘qimachilik sanoatida yangi istiqbollarni ochishga, eksport va import jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.