Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyaning "Aeroflot" aviakompaniyasiga tegishli SU1971 reysi bo‘yicha Farg‘ona — Moskva yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyot yo‘lovchilardan birining salomatligi yomonlashgani sababli Toshkent aeroportiga majburiy qo‘ndi.
Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, ekipaj zaxira aerodromiga qo‘nish qarorini qabul qilgan.
Boeing 737 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 22:11 da Toshkentga qo‘ngan. 1954-yilda tug‘ilgan ayol va uning yuklari samolyotdan tushirilgan hamda insult shubhasi bilan poytaxtdagi tibbiyot muassasalaridan biriga yetkazilgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 23:02 da samolyot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Moskvaga parvozni davom ettirgan.