Valyuta kurslari 14/03/2025
$1 – 12938.11
UZS – 0,14%
€1 – 14076.66
UZS – -0,18%
₽1 – 149.99
UZS – 0,31%
Qidirish
Sport 07/03/2025 Abdulkodir Husanov «Manchester Siti»ning oy futbolchisi deb topildi

Abdulkodir Husanov «Manchester Siti»ning oy futbolchisi deb topildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Manchester Siti» jamoasi himoyachisi Abdulkodir Husanov fevral oyida muxlislar versiyasi bo‘yicha klubning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va ovoz berish natijalari bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi.

O‘zbekistonlik futbolchi klubga olti hafta oldin to‘rt yarim yillik shartnoma asosida kelib qo‘shilgan bo‘lsa-da, o‘zining tezligi, qattiqligi va himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatishi bilan muxlislar muhabbatini tezda qozondi.

Bu xususiyatlari 21 yoshli Husanovga rekord darajada ko‘p ovoz to‘plash imkonini berdi va u Erling Xoland hamda Yoshko Gvardiol kabi yulduzlarni ortda qoldirdi.

Fevral oyi boshlarida Husanov «Plimut Argayl»ga qarshi Angliya Kubogi uchrashuvida o‘zining birinchi golini urdi va hisobni tenglashtirdi. Ushbu uchrashuvda “Siti” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Shundan so‘ng, u “Nyukasl”, “Liverpul” va “Tottenxem”ga qarshi uchrashuvlarning har biriga asosiy tarkibda tushib, to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi. U fevral oyini ikki g‘alaba va “Nyukasl” hamda “Tottenxem”ga qarshi “quruq” o‘yinlar bilan yakunladi. Hatto “Liverpul”ga qarshi mag‘lubiyatga uchragan bahsda ham o‘zbek himoyachisi jamoasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi.

Husanov Angliya futboliga moslashishda davom etmoqda va uning Pep Gvardiola qo‘l ostidagi salohiyati hali to‘liq namoyon bo‘lmagan.

«Manchester Siti» Abdulkodir Husanovni sazovor bo‘lgan mukofot bilan tabrikladi va muxlislarga ovoz berishdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling