Valyuta kurslari 22/08/2025
$1 – 12413.79
UZS – -0,42%
€1 – 14468.27
UZS – -0,34%
₽1 – 154.86
UZS – -0,36%
Qidirish
O‘zbekiston 23/08/2025 500 ga yaqin davlat xizmatchisi korruptsiya xavfini aniqlash va kamaytirish bo'yicha o'qitildi

500 ga yaqin davlat xizmatchisi korruptsiya xavfini aniqlash va kamaytirish bo'yicha o'qitildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat organlari, tashkilotlar va ichki komplayens-nazorat bo‘linmalarining 500 ga yaqin vakillari korrupsiyaning oldini olish va ichki nazorat tizimlari samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ikki kunlik intensiv o‘quv seminarida ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqining (YI) O‘zbekistondagi delegatsiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir korrupsiyaga qarshi kurashishning jazo choralaridan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va aniqlashga o‘tishga qaratilgan islohotlar doirasida o‘tkazildi. Bu yo‘nalish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil mart oyida belgilab berilgan vazifalarni bevosita aks ettiradi. Yangi yondashuvga muvofiq, komplayens endi rasmiy vazifagina emas, balki xavflarni aniqlash, nojo‘ya harakatlarga yo‘l ochibv beruvchi imkoniyatlarni bartaraf qilish va davlat tuzilmalarining kundalik faoliyatiga halollik hamda shaffoflik tamoyillarini joriy etishning amaliy vositasiga aylanadi.

 

Mazkur o‘quv dasturi asosiy qarorlar va me’yoriy hujjatlarni tahlil qilish, “E-anticor.uz” platformasi va uning yangi moduli bilan ishlash, shuningdek, 2025-yilgi reyting baholash natijalari bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilishni qamrab oldi. Ishtirokchilar taklif etilgan Yevropalik ekspertlar bilan manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, davlat xizmatchilarining korrupsiya xavf-xatarlariga bardoshliligini baholash va ularni kamaytirishning xorijiy usullarini qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazdilar. Shuningdek, dasturda vazirlik va tashkilotlarning muvaffaqiyatli tajribalari taqdimotlari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakillarining ma’ruzalari, byurokratiyani kamaytirish va komplayens-tizimlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan guruh ishlari o‘tkazildi.

Bunday kompleks yondashuv davlat muassasalariga korrupsiya xavf-xatarlarini imkon qadar tez aniqlash va bartaraf etish, jarayonlarni optimallashtirish va raqamli yechimlarni joriy etish imkonini beradi. Natijada fuqarolar yanada shaffof va samarali davlat xizmatlaridan foydalanadilar, barcha idoralarda halollik va ochiqlikning yagona standartlari mustahkamlanadi.

Mazkur tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan moliyalashtiriluvchi “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling