Valyuta kurslari 15/08/2025
$1 – 12581.97
UZS – 0,67%
€1 – 14698.26
UZS – 0,27%
₽1 – 157.75
UZS – 0,61%
Qidirish
Moliya 13/08/2025 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunbuzarliklar uchun jarima qo‘llandi

23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunbuzarliklar uchun jarima qo‘llandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2025-yilning iyun-iyul oylaridagi yigʻilishlarida (11 marta) 59 ta masala koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 37 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (7 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish (5 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsat berish (1 ta) va banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (20 ta) bilan bogʻliq masalalar koʻrildi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 22 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan masalalar ham muhokama qilindi.

Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirilishi boʻyicha qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi holatlari hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 15 ta toʻlov tashkiloti chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi.

Bundan tashqari, “IMKON FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” AJda aniqlangan qoidabuzarliklar uchun mazkur tashkilot mijozlarini moliyalashtirish bilan bogʻliq operatsiyalarining (kreditlash, lizing va kafolatlar berish, faktoring xizmatlari koʻrsatish) amalga oshirilishi uch oy muddatga cheklandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling