2026-yilgi Xalqaro informatika olimpiadasini O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazish huquqi rasman topshirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Boliviyaning Sukre shahrida o‘tkazilgan 37-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI–2025) jahon bo‘yicha eng iqtidorli yoshlarni birlashtirdi. Unda 84 ta mamlakatdan 330 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi. Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ushbu nufuzli musobaqada munosib qatnashib, 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega bo‘lishdi.
Bu yutuqlar, shubhasiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yosh avlodni dasturlash va algoritmik tafakkurga o‘rgatish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir.
2023-yil 20-dekabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida IT sohasini rivojlantirish va davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim qarorlar qabul qilingan edi. Xususan, 2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangan.
Buning doirasida mutasaddi idoralarga “maktab – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida saralov tanlovlarini tashkil etish, 5–8-sinf o‘quvchilari orasidan eng iqtidorli 100 nafarini tanlab olish vazifasi yuklatilgan edi. Ular uchun xalqaro tajribaga ega bo‘lgan xorijiy mutaxassislar ishtirokida chuqur tayyorgarlik kurslari tashkil etildi.
Amaliy chora-tadbirlar natijasida yoshlarimizning xalqaro miqyosdagi natijalari ham yaxshilanib boryapti. Xususan, Boliviyadagi olimpiadada O‘zbekiston o‘quvchilari tomonidan bronza va ilk bor kumush medallarining qo‘lga kiritilishi bu sa’y-harakatlarning yorqin natijasidir.
Ushbu olimpiadaning yakunlovchi marosimida 2026-yilgi Xalqaro informatika olimpiadasini O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazish huquqi rasman topshirildi. Bu esa mamlakatimizda IT ta’limini yanada rivojlantirish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab beradi.