Valyuta kurslari 05/06/2025
$1 – 12831.81
UZS – -0,2%
€1 – 14606.45
UZS – -0,45%
₽1 – 163.75
UZS – 0,18%
Qidirish
O‘zbekiston 07/06/2025 2017-2024 yillarda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan o'zgarishlar tahlil qilindi

2017-2024 yillarda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan o'zgarishlar tahlil qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (https://t.me/ifmr_public) (MHTI) mutaxassislari 2017-2024 yillarda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan o'zgarishlarni tahlil qildi. 

Tahlil davomida quyidagilar aniqlandi: 
Agar 2017-yilda mamlakatimizda faoliyat yuritgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 5186 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil so'ngiga kelganda ularning soni 7 barobar oshgan va 38 058 taga yetgan. 

Muassasalardagi o‘rinlar soni 3,3 barobarga oshgan va 2,4 milliontani tashkil etgan. 

3-6 yosh oralg'idagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2024-yilda 76 foizni tashkil etgan. Bu 2017-yildagi (25,4 foiz) ga nisbatan 3 barobar ko'p demakdir. 

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi pedagog xodimlar soni 175 ming nafarni tashkil etadi va har bir xodimga o‘rtacha 13,4 nafar bola to‘g‘ri keladi. Tahlil qilinayotgan davr mobaynida pedagog xodimlar soni 2,7 barobar oshgan.  

2020-yilda "Finance Inquirer" nashri Markaziy Osiyo tadqiqot guruhi (Research Group Central Asia -RGCA) tadqiqoti natijalari hamda YUNICEF, Jahon banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga muvofiq, O‘zbekiston bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishda dunyoda eng yaxshi o'sish sur'atini ko‘rsatgan 10 ta mamlakat reytingida birinchi o‘rinni egallagan.

2023-yil 9-oktyabrdan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida ilk marotaba MELQO xalqaro baholash tizimi asosida maktabgacha ta’lim sifatini baholash yo‘lga qo‘yildi. Baholash natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya jarayonining umumiy holati va sifati yuqori darajada ekanligi aniqlandi. Jumladan, bolalarda erta matematika ko‘nikmalari o‘rtacha 94 foizni tashkil etishi, katta va tayyorlov guruhlaridagi bolalarda erta savodxonlik ko‘nikmalari 77 foizdan yuqori ekanligi aniqlandi. E’tiborlisi, baholashda ishtirok etgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 90 foizi o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlandi.

Jahon bankining "Bolalarni erta rivojlantirish tizimini takomillashtirish" loyihasi doirasida respublikamizning 9 ta hududida qayta jihozlangan 30 ta avtobus faoliyati yo'lga qo'yildi. Ushbu tashabbus tufayli maktabgacha ta’lim imkoniyati cheklangan hududlarda 142 ta ko‘chma guruh tashkil etildi, shuningdek, bolalar uchun 2 528 ta qo‘shimcha o‘rin yaratildi. Mazkur loyihani amalga oshirishdan ko'zlangan asosiy maqsad barcha bolalarning maktabgacha ta’limdan teng foydalanishini ta’minlash va maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishdir.

"O‘zbekiston - 2030" strategiyasida bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barchasida kompyuter sinflarini tashkil qilish orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang‘ich kompyuter savodxonligini shakllantirish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlash maqsadlari qo‘yilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling